Clinics and Pharmacies

"Uzbekistan Airports"da "Rais kubogi – 2026" g‘oliblari aniqlandi

"Uzbekistan Airports"da respublika aeroportlari xodimlarini birlashtirgan "Rais kubogi – 2026" sport musobaqalari yakunlandi. Ishtirokchilar voleybol, stol tennisi va basketbol bo‘yicha bellashdilar.

Musobaqalar ommaviy sportni rivojlantirish va xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish tadbirlari doirasida o‘tkazildi. Sport maydonchalarida respublikaning turli hududlaridan "Uzbekistan Airports" tuzilmasiga kiruvchi korxonalar jamoalari uchrashdi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi voleybol musobaqasi yakunlariga ko‘ra, Qarshi xalqaro aeroporti jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Farg‘ona xalqaro aeroporti jamoasi kumush, Urganch xalqaro aeroporti jamoasi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Stol tennisi bo‘yicha Termiz xalqaro aeroporti jamoasi g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Qarshi xalqaro aeroporti, uchinchi o‘rinni Samarqand xalqaro aeroporti vakillari egallashdi. Erkaklar o‘rtasidagi basketbol bahslarida ham Termiz xalqaro aeroporti jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinda — Nukus xalqaro aeroporti jamoasi, uchinchi o‘rinda — Buxoro xalqaro aeroporti jamoasi. Shuningdek, do‘stona o‘yinlar doirasida o‘tkazilgan xotin-qizlar o‘rtasidagi voleybol bahslarida Nukus aeroporti voleybolchilari birinchi o‘rinni egalladilar.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlarini "Uzbekistan Airports" boshqaruvi raisi o‘rinbosari Bahodir Mirusmanov tabrikladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan jamoalarga mukofot va esdalik sovg‘alari topshirildi. "Rais kubogi – 2026" yakunida "Uzbekistan Airports" boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev musobaqa ishtirokchilari va tashkilotchilariga, hakamlar hay’ati a’zolariga va kasaba uyushmasi vakillariga sport tadbirini o‘tkazishga qo‘shgan hissalari uchun minnatdorlik bildirdi.

"Rais kubogi – 2026" nafaqat sport raqobati maydoni, balki mamlakatning turli hududlaridan kelgan aeroport xodimlarini birlashtirish, jamoaviy ruh va korporativ madaniyatni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga aylandi.

15 Sep, 2026