Toshkentda VI Markaziy Osiyo aviatsiya sammiti bo‘lib o‘tdi
12-sentyabr kuni poytaxtimizda oltinchi Markaziy Osiyo aviatsiya sammiti (CAAS) bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy mavzulari Yevropa va Osiyo mamlakatlari o'rtasida havo yo‘llari orqali yo‘lovchi va yuk tashuvini rivojlantirish masalalari bo‘ldi.
Mutaxassislar va aviatsiya sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari MDH mamlakatlarida pandemiyadan oldingi davrdan shu kungacha bo‘lgan havo transportining rivojlanish dinamikasini taqdim etdilar va muhokama qildilar. Sammit davomida mintaqa uchun yangi turdagi samolyotlar taqdim etildi, sohadagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari, shuningdek, aeroportlar va aviakompaniyalar ishida generativ sun’iy intellektdan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida aviatsiya sanoatini moliyalashtirish va lizing, aviakompaniyalar va aeroportlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan panel muhokamalari ham bo‘lib o‘tdi. Sammitda, shuningdek, barqaror rivojlanish va havo ifloslanishini nolga yetkazish yo‘llari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Transport vazirligi, Qozog‘iston Aviatsiya ma’muriyati, IATA, "Lufthansa Consulting", "Embraer", "Turkish Airlines", "Uzbekistan Airports", "Uzbekistan Airways", "Centrum Air", Qanot Sharq, "Woxsen" universiteti, Jahon banki va boshqalar ishtirok etdi.
13 Sep, 2024